E T H N O T R A V E L - U Z B E K I S T O N

“QIZIL GUL” SAYLI MAVSUMIY MAROSIMI HAQIDA MULOHAZALAR

Nomoddiy madaniy merosning shakllanishida qadimgi ajdodlarimizning turmush tarzi, dunyoqarashi, mifologik tasavvurlari, urf-odat va marosimlari, voqelikni badiiy idrok etish bilan aloqador an’analari muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, xalqimiz badiiy dahosining bebaho durdonalari sirasiga kiruvchi, asrlar davomida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan mavsumiy marosimlar dunyo xalqlarining badiiy madaniyati, umumjahon sivilizatsiyasida munosib o‘ringa ega. Xalqimiz orasida an’anaga aylangan yil fasllari bilan bog‘liq bo‘lgan marosimlar talaygina bo‘lib, mazkur maqolada biz aynan Navro‘z bayrami tizimiga mansub “gul sayli” xususida mulohaza yuritmoqchimiz.

Bahor fasli yangi mehnat mavsumini boshlab berganligi sababli qadimdan yilning bu davriga oid ko‘plab marosimlar vujudga kelgan. Bu marosimlar silsilasida gul sayllari alohida muhim o‘ringa ega. Mamlakatimizning tog‘ va tog‘ oldi hududlarida “boychechak xabari”, “lola sayli” marosimlari o‘tkazilgan bo‘lsa, boshqa joylarda “qizil gul”, “guli surx”, “guli arg‘uvon” sayllari urf bo‘lgan. An’anaviy gul sayllari yurtimizning turli joylarida turlicha nomda, turli tarzda nishonlangan. Gul bilan bog‘liq bayramlarni tadqiq etgan olima L. Tulsevaning yozishicha, Nurotaning qir-adirlarida qizg‘aldoqlar ochilgan paytda “Qizil gul” sayli, Farg‘ona vodiysida “Lola sayli”, Samarqandda mevali daraxtlar, ayniqsa, behi gullaganda “Behi gul sayli”, Buxoroda “Guligardoni bulbulxon”, “Guli surx”, Zarafshonda “Boychechak guligardoni” sayllar o‘tkazilgan.[8]

“Qizil gul” sayli paydo bo‘lishining tarixiy asoslari o‘lib, yana qayta tiriluvchi tabiatning boqiyligi to‘g‘risidagi ibtidoiy ishonch-e’tiqodlarga borib taqaladi. Tabiatning ko‘klamda uyg‘onishi haqidagi mifologik qarashlar o‘simliklarni timsollashtirishga asoslangan agrar kultlar va magik xarakterdagi ramziy harakatlar tizimidan iborat rituallarning yuzaga kelishiga zamin hozirlagan. An’anaviy “Qizil gul” sayli ham ana shunday agrar kultlar va hosildorlik g‘oyasini o‘zida mujassamlashtirgan qadimiy marosimlar sirasiga kiradi. “Qizil gul” sayliga oid tadqiqotlarda uning tarixiy asoslari yuqoridagi kabi dalillangan. [9.6.1.]

Qadimgi ajdodlarimiz kuz faslida yaproqlaridan ajralgan dov-daraxtlarning erta bahorda yana ko‘klam kelishi bilanoq qir-adiru dalalar ko‘m-ko‘k maysalarga gul-chechaklarga burkanishida tabiatning ramziy ma’noda o‘lib-tirilishi timsolini ko‘rishgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ko‘pgina joylarda “Qizil gul” sayli qabristonlar yoki unga yaqin joylarda o‘tkaziladi. Buxoro viloyati, Shofirkon tumani, Qayrag‘och qishlog‘ida istiqomat qilgan Xosiyat buvi Yoqub qizining aytishicha, ko‘klam ilk bor qabristonlarga kelib, o‘z gul-chechaklarini taqdim etar ekan. Marhumlar go‘yoki, gul timsolida tirilib, tiriklarga zavq ulashar ekan. Xorazm viloyati, Xiva shahrida ham “Qizil gul” saylini shahar yaqinidagi Bavoris bobo qabristonida nishonlashgan. Xorazmliklarning mazkur gul saylini nega aynan Bavoris bobo qabristonida nishonlashi, bu mozor nomini anglatuvchi nekronimning kelib chiqishi, “Avesto” dagi Ajidahaka obrazi va u makon tutgan afsonaviy yurt Bavri haqidagi qadimgi mifologik tasavvurlarning marosim folklori tarkibidagi qoldiq holda saqlanib qolgan ko‘rinishi ekanligi haqidagi to‘liq ma’lumotlar M.Jo‘rayevning tadqiqotlarida aks etgan.[1]

Xorazmliklarning “Qizil gul” sayli g‘oyat keng nishonlanishini G.N.Snesarovning quyidagi qaydnomasi ham tasdiqlaydi: “Mazkur marosimning asosiy xususiyatlaridan biri qarindosh va yaqin kishilarga qizil gul taqdim qilishdir...Bu yerga shaharning barcha joylaridan yoshlar oqib kelishadi. Qizlar va ayollar qabriston yaqinidagi so‘qmoqdan qatorlashib o‘tirishadi, yosh yigitlar esa yo‘l chetida turibular orasidagisevikli qizlariga (fotiha qilingan bo‘lajak kelinlarga) qizil gul, olma, bo‘yalgan tuxumlarni otishadi. Qabriston yaqinida erkaklar yig‘ilishadi. Ularning biri guruch, biri yog‘, biri go‘sht olib kelib, shu joyda palov tayyorlashadi”. [5]

Xorazmliklarning Qizil gul” saylining Bavoris bobo qabristonida nishonlashi, uning tarixiy asoslari Qadimgi Sharq dehqonchilik, serhosillik qarashlariga aloqador o‘lib, qayta tirilguvchi tabiat inonchi bilan bog‘liqligini Snesarovdan tashqari N.P.Lobacheva, O.A.Suxareva, M.V.Sazonova, T.Qilichev kabi olimlarning etnografik tadqiqotlari ham tasdiqlaydi.[2.6.4.9] Xususan, o‘zbek olimi T.Qilichev 1976-1977 yillarda Beruniy va Ellikqal’a tumanlaridan to‘plagan etnofolkloristik ma’lumotlari Xorazm vohasida qadimdan o‘tkazib kelingan Qizil gul” saylining barcha uzvlari haqida yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Olimning keltirishicha, “Qizil gul” sayli vohada uch kun davom etgan bo‘lib, haqiqiy saylga xos barcha urf-odat va an’analarni qamrab olgan. Boshlariga gulllardan qistirib olgan yosh qiz-yigitlar o‘z tengdoshlari xonadoniga kirib yoshu qarini bayram bilan qutlab, gullar taqdim qilishib, qo‘shiq va she’rlar aytishib, kechgacha bayram qilishgan. Ikkinchi kuni qabristonlar atrofida yig‘ilishib, milliy o‘yinlar va tomoshalar, meva-shirinliklar savdolari tashkil qilishgan. Uchinchi kun ham kuy-qo‘shiqlar yangrab, xursandchilik qilingan. Sayl so‘ngida yaqin kishilar qabrlari ziyorat qilingan. [9]

Xalqimizning qadimiy e’tiqod va an’analarini o‘rgangan olimlarimiz gullar bilan bog‘liq marosimlar, tantanalarini o‘lib-tirilguvchi tabiat timsolini o‘zida aks ettirgan Siyovush kabi afsonaviy obrazlar bilan bog‘lashadi. Siyovush haqidagi asotirlarda Siyovush afsonaviy shoh ekanligi, uni o‘ldirilishi fojeaga aylangani, har bahorda uning xoki izlanishi, unga atab turli marosimlar o‘tkazilganligi, bu qadimgi ajdodlarimiz uchun muqaddas sanalgan mifologik personaj ekanligini bilish mumkin. Hatto, hozirda ham o‘lkamizning ayrim hududlarida erta bahorda unib chiqqan gullarni “Siyovush aksi” deyishadi. Ko‘klamdagi qizil gullar qadimda hukmronlik qilgan afsonaviy shoh Siyovush qonidan rang olgan, ya’ni u o‘ldirilganida qoni tomgan joylardan qizil gul unib chiqadi, har bahorda Siyovush qizil gul timsolida tiriladi, degan tasavvurlar mavjud. Bunday qarashlar aksini xalq og‘zaki ijodining qadimiy janrlaridan biri topishmoqlarda uchratish mumkin. Masalan, javobi qizg‘aldoq sanalgan quyidagi topishmoqda Siyovush haqidagi mifologik tasavvur izlari mavjud:

Madad akamning boshida baxmal taqiyasi bor. [7]

Aslida qizg‘aldoq, qizil rang timsoli ayollarga tashbeh qilinadi. Biroq topishmoqda qizg‘aldoq erkak kishiga qiyoslangan. Gullarning mifopoyetik mohiyatini yoritgan olimlarimizning ta’kidlashicha, yigit-qizlarning balog‘ati gullarning ochilishiga tenglashtiriladi. Ular odatda gulga o‘xshatiladi. Qadimda gullar ham ayol va erlardan iborat deb tushunilgani uchun jahonning deyarli barcha xalqlarida gul bayramlari bo‘lgan va ular ma’lum darajada hozirgacha saqlanib kelgan. [3] Mazkur topishmoqda ana shu tushunchadan tashqari yana bir ma’no mujassam. Qizil-baxmal do‘ppiMadad akamboshida deyilgan. Bilamizki, o‘zbeklarda do‘ppi qimmatli, e’zozlangan kiyimlardan sanaladi. “Bosh kiyimi davlat, davlatni birovga berib bo‘lmaydi”, deydi dono xalqimiz. Xalq og‘zaki ijodi asarlarida ham boy kiyimi, xususan do‘ppi magik himoyachi vazifasini bajaradi. Topishmoqda keltirilgan ism ham kishi e’tiborini tortadi. Anvar, Komil emas, aynan Madad ismining qo‘llanilishi, ushbu ismning lug‘aviy ma’nosidan kelib chiqib aytish mumkinki, yuqoridagi topishmoqning tarixiy ildizi aynan afsonaviy xalqparvar, odil shoh Siyovush bilan bog‘liq qadimiy qarashlarga borib taqaladi.

“Qizil gul” saylining shakllanishi ajdodlarimizning qadimgi inonch-e’tiqodlari negizidan oziqlangan bo‘lib, asrlar davomida sayqallanib yashab kelayotganligi zamirida ezgulik tarannumi, tabiatning uyg‘onishi inson ruhiyatiga, kayfiyatiga yasharish, shodyonalik, ko‘tarinkilik baxsh etganligini ko‘rish mumkin. Ushbu sayllarda aholining barcha tabaqasi birdek ishtirok etishi uning umuminsoniyligidan dalolat. “Qizil gul” sayli Navro‘z bayramidan keyin o‘tkazib kelingan. Ko‘klamning erta yoki kech kelishiga qarab hamda qizil gulning ochilish vaqtini hisobga olib nishonlanilgan. Bu saylning o‘tkazilishi har yili o‘zgarib turishi, hatto har bir hududning hamma joyida bu tabiiy jarayon ayni bir muddatda ro‘y bermasligi ham mumkin. Shuning uchun odamlar qizil gulning ochilish vaqtiga qarab an’anaviy saylni o‘tkazish muddatini belgilaganlar. Sayl kunlari turli xalq o‘yinlari o‘tkazilgan. Ayniqsa, balog‘atga yetgan qiz-yigitlar tomonidan “Gul uzatish”, “Anor otish”, “Olma otish” kabi o‘yinlarning o‘ynalishi qiziqarli kechgan. Unda yoshlarning ikki guruhga bo‘linib, bir-birlariga olma, anor, gul uzatishlarida ramziy tanlanish, mehr-muhabbat, yashirin sevgi izhorlari aks etgan bo‘ladi. Saylda inson qalbi va tabiatning yasharishi uyg‘unlashgan milliy hunarmandchilik ishlari, amaliy san’at namunalari ham namoyish qilingan. Hozirgi kunda ham ushbu an’ana davom etib kelmoqda. Yurtimizning ko‘pgina joylarida bahorgi gullar ochilib, tugaguniga qadar, ya’ni yozning ilk kunlarigacha gul sayllari davom etadi.

Xulosa qilib aytganda, “Qizil gulsayli xalqimizning yilboshi Navro‘z bayrami bilan bog‘liq mavsumiy marosimlari tizimining an’anaviy uzvlaridan biridir. U tabiatning ko‘klamgi uyg‘onishi, yangi mehnat yilining boshlanishi, hosildorlik va baraka tilash tantanasi sifatida o‘tkazib kelingan. Bu saylning qadimiy asoslari yovuzlik kuchlari zimiston qa’riga chekinib, ezgulik tantana qiladigan kuni sifatida bayram qilish an’anasi bilan bevosita aloqadordir. Bugungi kunda “Qizil gul” sayli uzvlarini postfolklor ko‘rinishida, asosan, folklor-etnografik ansambllari tomonidan sahnaviy talqin qilingan yilboshi sayli va bahorgi marosimlar bilan aloqador mavsum-marosim folklori namunalari sifatida ko‘rish mumkin. Shu o‘rinda aytish joizki, ajdodlarimizning ko‘p ming yillik og‘zaki badiiy ijodiyotining nodir namunalarini tiklashdek ezgu maqsad yo‘lida ijod qilayotgan folklor-etnografik jamoalarning Navro‘z bayrami va yilboshi sayliga bag‘ishlangan dasturlarini yanada mukammallashtirish va boyitish, kelgusi avlodga yetkazish maqsadida folklorshunos olimlarimiz tomonidan bu sayl bilan bog‘liq folklor asarlari namunalarini to‘plab, nashr ettirish vazifasi muhim sanaladi.

Umuman olganda, gul sayllarining o‘tkazilishida tabiat bilan inson hayoti o‘rtasida chambarchas bog‘liqlikni ko‘rish mumkin. Bunday marosimlar kishilarni tabiatni sevishga, uni asrab-avaylashga, undan bahra olishga va ayniqsa, mehr-oqibat, qadr-qimmatni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muallif: Jo‘rayeva Munis Yunusovna