O‘ZBEK ASKIYA SAN’ATI: MUAMMO VA YECHIMLAR
Xalqimizning nomoddiy madaniy merosi orasida Askiya san’ati uzoq tarixiy takomili bilan ajralib turadi. 2014 yil 27 noyabr kuni YUNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilgan Nomoddiy madaniy meros qo‘mitasining 9-sessiyasida xalqimizning askiya san’ati insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida YUNESKOning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilganligi tarixiy voqea bo‘ldi.
Askiya insoniyatni nomoddiy madaniy merosi sifatida YUNESKOning reprezentativ ro‘yxatiga kiritilganligi esa mazkur so‘z san’atining nafaqat O‘zbekistonda o‘rganilishiga turtki bo‘ldi, balki ushbu voqea butun dunyo mutaxassislarining ushbu san’at turiga nisbatan qiziqishini oshirdi.
Xalq og‘zaki ijodi bo‘lgan Askiya san’atini keyingi avlodga yetkazish bugungi kunning eng dozarb muammolardan biridir. Chunki bugungi kungacha mazkur san’at yo‘nalishi og‘zaki tarzda “Ustoz-shogird” an’analari asosida yetib keldi. Mazkur san’at turi olimlar tomonidan kam o‘rganilganligi, o‘rganilgan bo‘lsa ham yetarli darajada emasligi sababli yozma manbalar yo‘q hisobida. Askiya san’atini ilmiy asosda o‘rganish va uni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.07.2023 yildagi PQ-222-sonli “Respublikada milliy askiya va qiziqchilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori[3] muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, mazkur qarorga asosan, Marg‘ilon shahrida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati Markazi tashkil etildi.
Askiya arabcha so‘z bo‘lib, zakiy – o‘tkir zehnli, hozirjavob ma’nolarni anglatadi. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi turi. Folklor janri, ikki va undan ortiq kishi yoki guruhning xalq yig‘inlarida (sayl, to‘y, bayramlar) ma’lum mavzu bo‘yicha badiiy so‘z tortishuvidir[4].
Askiya – o‘zbek xalq og‘zaki ijodining xushchaqchaq va kulgili tomosha san’atining ommalashgan janri. U odatda xalq sayilida, to‘ylarda va boshqa marosimlarda ijro etilagan o‘zbek xalq tomosha san’atining askiya janridir. Bu janr dastlab O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysi va Toshkent viloyatlarida keng rivojlangan. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, san’at darajasiga ko‘tarila olgan askiya janri bilan Farg‘ona vodiysi aholisi to‘y-tomoshalarida, davlat tadbirlarida faol qatnashib kelishadi.
“Ma’lumki, o‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi”[2]. Ana shunday insonning ruhiy-ma’naviy borlig‘ini ifodalaydigan milliy qadriyatlarimizdan biri, so‘z san’atini o‘zida mujassam qilgan san’at turini – askiya deb bemalol aytishimiz mumkin. Chunki, askiyachi tilning keng imkoniyatlarini puhta egallagan, so‘z o‘yini, qochirim, hazil-mutoyiba, kinoya tashbih, kesatiq, o‘xshatish, mubolag‘a kabi havj san’ati vositalaridan ustalik bilan to‘la foydalana oladigan bo‘lishi lozim. Askiya san’atining vazifasi kulgi orqali kishilarning kayfiyatini ko‘tarish, ularga zavq baxshida etish, muayyan mavzu doirasida ularning bilimlarini yanada kengaytirish, aqlini, fikrini charxlash, ziyrak, hozirjavob bo‘lishga da’vat etish, shu bilan bir qatorda turmushdagi va ayrim kishilar xulqidagi kamchiliklar ustidan yengil kulgu uyg‘otishdir. Shuningdek, askiya degani raqibini so‘z xujumini hozirjavoblik bilan qaytarib o‘zi ham xujumga o‘tishdir. Askiya o‘zbeklar orasida ko‘p asrlardan beri mavjud bo‘lib, to‘y yig‘inlarda, sayillarda ikki tomonning tortishuvi natijasida badiiy so‘z ustalari aniqlangan.
Askiya janri bo‘yicha deyarli yozma adabiyotlar kam. Mazkur janr bugungi kungacha ustoz-shogird an’anasiga tayangan holda bugungi kungacha yetib keldi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zbek milliy askiya san’ati bo‘yicha bir qator ilmiy tadqiqot ishlari olib borilganligini ham ta’kidlash o‘rinlidir. Jumladan, ma’rifat jonkuyari bo‘lgan hassos shoir Cho‘lpon o‘zining 1936 yilda “Guliston” jurnalida e’lon qilingan “Qiziqlar” maqolasida aynan ana shu masalaga to‘xtalib, vaqt kutib turmasligini, mashhur askiyachi va qiziqlarning har biri xalq teatrlarining namoyon bo‘lishi shakli ekanligini alohida uqtirgan, tez orada ular xalq xotirasidan o‘chib ketish xavfi ostida ekanidan ogohlantirgan edi.
Askiya san’atini o‘rganishga qiziqish va unga ilmiy jihatdan tadqiq etish 1960 yildan boshlangan. Shungacha Sharif Rizoning 1940 yili “Guliston” jurnalining № 4-sonida bosilgan “Xalq san’atkorlari” maqolasi bilan A.L.Troitskayaning “O‘zbekiston xalq teatri” qo‘lyozmasida askiyaga bag‘ishlangan bir bo‘limcha hamda o‘zbek satirasi muammolariga bag‘ishlangan ayrim maqolalar, shuningdek, 1960 yili nashr etilgan To‘lqin Obidovning “Yusufjon qiziq” risolasi bo‘lgan.
Rasul Muhammadiyev Askiya san’atini birinchilardan bo‘lib, uni ilmiy asosda atroflicha o‘rgangan olimlardan biridir. Uning izlanishlari natijalari 1962 yili bosilgan “Askiya” nomli ilmiy ishida va 1970 yili chop etilgan “Askiya” to‘plamida umumlashtiriladi.
1962-1965 yillarda Farg‘ona vodiysi an’anaviy teatrini o‘rganish bo‘yicha uyushtirilgan ekspedisiyalar davrida olimlar qatori O‘Zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Muxsin Qodirov ham askiyani ilmiy tadqiq etish va yozib olishga katta e’tibor beradi va 1991 yilga kelib u o‘zining “Yusufjon qiziq” nomli asarini yozadi[5].
Askiyani ilmiy jihatdan o‘rganishda Rasul Muhammadiyevning “Askiya” to‘plami (1970), Muxsin Qodirovning “O‘zbek xalq tomosha san’ati” (1981), “Tomosha san’atining o‘tmishidan lavhalar” (1983), “O‘zbek an’anaviy teatri” (2010) kabi asarlari, “Kulgu ustalari” o‘quv qo‘llanmasi (2008), Hasanboy Sultonovning “Askiya” (1998), Said Anvarning “Abdulla qiziq nima deydi?” (2006), Ubaylulla Abdulla va Iskandar Rahmonning “Kulganlar darmonda, kulmaganlar armonda” (2007) kabi risolalari, Filologiya fanlari doktori Xikmatullo Do‘smatovning “Askiya matnining lingvostilitiskasi” (2015) monografiyasi, “Askiya – so‘z o‘yinlari san’ati” (2021) hamda O‘zbekiston xalq artisti, professor Sultonali Mannopov hamda Muhammadsiddiq Sherayevlarning “Askiya va qiziqchilik san’ati” kabi asarlari o‘zbek milliy Askiya san’atini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
O‘rganishlar natijalari shundan dalolat beradiki, Askiya san’ati o‘z rivojida bir qancha davrlarni bosib o‘tgan. Yozma tarixiy manbalarda askiya XV-XVII asrlarda keng tarqalganligi aytib o‘tiladi. Shoir va olim Zayniddin Vosifiy (XVI asr) Hirotda askiya keng avj olganini yozadi va o‘nlab mohir askiyachilar orasida eng iste’dodli Mavlono Abdulvoseh Munshiy ismini keltiradi. Askiya haqida Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Xondamirlar ham o‘z davrida Mavlono Burxonilang, Hasan voiz, Said Gʻiyosiddin sharfa singari o‘nlab askiyachilar ijod qilishganligi haqida ma’lumotlar berishgan. “Shu sababli tengsiz ma’naviy boyligimiz bo‘lmish mumtoz san’atni, xalq ijodining nodir namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish jahondagi ilg‘or fikrli olimlar va san’atkorlarning, davlat va jamoat arboblari, barcha madaniyat ahlining ezgu burchidir”[1].
Askiya san’ati alohida janr sifatida XV asrdan shakllana boshlagan. XVIII-XIX asrlarda askiya san’ati Farg‘ona vodiysi va Toshkentda keng rivojlandi. Bu san’at turida kishilarning bir-biri bilan badiiy so‘z to‘qishda, so‘z o‘yinida, adabiy bahsda, aqllilar musobaqasida ko‘pchilik o‘rtasida halol tortishadilar. O‘zbekistonda juda ko‘p askiyachilar yetishib chiqqan bo‘lib, bular Marg‘ilonlik Jalil buqoq, Sulaymon qori, Mamajon qovoq, mulla Muxammad buva, Qo‘qonlik Mirzaraxim quloq, Niyozboqi sichqon, Zohid burun, Matxoliq askiya, Toshkentlik Abdulla fonus, Saidahmad, Ismat askiya singari askiyachilar shular jumlasidandir.
XX asrning o‘rtalarida esa Erka qori Karimov, Ijroqum buva, Tursun buva Aminov, Yusufjon qiziq Shakarjonov, Jo‘raxon Sultonov, Rasul xoji Mamarasulov, Zaynobiddin va Madaminjon Yusupov, Muxiddin Darveshov singari mashxur askiyachilar faoliyat ko‘rsatdilar. Bularning orasida Erka qori Karimov askiyaning o‘n to‘rtta chistonini (payrovini) yaratganligi bilan alohida ajralib turadi. Bu chistonlar “O‘xshatdim”, “Gulmisiz, rayxonmisiz”, “Afsana”, “Ota bola, “Imorat qurish”singari payrovlardan iborat bo‘lib xalq orasida juda mashxur bo‘lgan.
Dunyoning hech bir mamlakatida uchramaydigan bu san’at turida ijod qilayotgan askiyachining fikr doirasi keng, tafakkur qilish qobiliyati, bilim saviyasi yuqori bo‘lishligini talab qiladi. Ular o‘z so‘ziga ega bo‘lish bilan birga, gapirayotganda har bir fikrning mazmun mohiyatini chuqur tahlil qila olishi lozim. Chunki so‘z gavhar, ma’nosi esa oltinga tengdir. Uni turli bachkana sha’ma, kesatiqlar bilan xiralashishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Men bu o‘rinda marhum so‘z ustasi, askiya va qiziqchilik san’atining buyuk darg‘asi Yusufjon qiziq Shakarjonov, askiya san’atini maromiga yetkazib, xalqning dilidan joy olgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jo‘raxon Po‘latov, askiya san’atida “Ustoz-shogird” an’analariga asos solgan Abdulhay Mahsum Qozoqov, Hasanboy Sultonov, Muhammadsiddiq Sherayevlar, shuningdek, hozirgi kunda ijod qilayotgan Hotamjon Hakimjonov, Abdulla Akbarov, Anvarjon Ne’madaliyev, Muhammadsiddiq Alixonov, Mansurjon Oxunovlar xizmatlarini alohida ta’kidlamoqchiman.
Bugungi kunda jahonda har bir millat o‘zining san’at turlarini ilmiy jihatdan o‘rganganidek, biz ham mazkur san’at turini ilmiy asoslarini topib o‘rganishimiz shart. Birinchidan, askiya san’atini ilmiy jihatdan chuqur o‘rganmasak, kelgusi avlodga yetib borishi qiyin kechadi. Ikkinchidan, Askiya san’ati ajdodlarimizdan bugungi kungacha xalq og‘zaki ijodi sifatida yetib keldi. Shuning uchun ham askiyachilar ijodlarining matni yo‘q hisobida. Demak, ularning, ya’ni, askiyachilarning ijodlarining matni yaratilmasa, yozib olinmasa bu san’at turi yo‘qolib ketishi mumkin.
Achchiq bo‘lsa ham aytish kerak, bugungi kundagi askiyachi va qiziqchilar kuldirish kerak ekan deb, ba’zan nojoiz so‘zlarni ham ishlatib yubormoqdalar. Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, keyingi paytda askiyachiman deb, faxsh so‘zlarni bemalol ishlatayotgan, o‘zini qo‘shtirnoq ichidagi “Askiyachiman”, “Qiziqchiman” degan o‘zboshimchalar ko‘payib ketdi. Ana shu o‘zboshimcha “Askiyachi”, “Qiziqchi”larning jilovini tortish va ularni tartibga chaqirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘z vaqtida chiqargan Qarorlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Askiya janri ham boshqa san’at turlari singari jamiyatda sodir bo‘layotgan nopok ishlarni, illatlarni (har bir jamiyatda bo‘ladi) so‘z sehri hamda xavj orqali ko‘rsatish va yetkazish san’atidir. Shunga ko‘ra mamlakatimizda askiya san’atini yanada rivojlantirish uchun kechiktirib bo‘lmaydigan quyidagi ishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir:
1. Milliy askiya san’ati darg‘alarining yo‘qolib borayotgan turli shevadagi kulgu janrlarini tiklash va ularni matnlarini yozib olish uchun shu yo‘nalishda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan olimlarni jalb qilish zarur.
Buning uchun Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi askiya va qiziqchilik Respublika Markazining ilmiy-ijodiy Kengashi qaroriga asosan har uch oyda bir marta ijodiy va ilmiy safarlar tashkil etish lozim. Ilmiy safarlarga mazkur sohada ilmiy ish olib borayotgan magistr, aspirant, doktorantlarni viloyatlarga ilmiy safarlarga chiqarib, o‘sha joydagi askiyachi va qiziqchilarning ijodlarini matnga tushirish uchun sharoit yaratib berish lozim. Ya’ni o‘z darida bo‘lganidek, (1927, 1937, 1950 yillardagiday) ilmiy ekspedisiya tashkil qilish va uni mablag‘ bilan ta’minlash dolzarb vazifalardan biridir.
2. Kelgusida o‘tkaziladigan kulgu Festivallar doirasida quyidagi mavzular bo‘yicha: “Askiya san’ati tarixini o‘rganish va uni amaliyotga joriy qilishning innovasion omillari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyani, “Milliy askiya va qiziqchilik san’atining jamiyat ma’naviy yuksalishidagi o‘rni va roli” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani, O‘zbekiston xalq artisti, mehnat Qag‘ramoni Yusufjon qiziq Shakarjonovning 155 yilligi munosabati bilan “O‘zbek milliy askiya san’ati qadriyat sifatida saqlanib qolinishida Yusufjon qiziq Shakarjonovning o‘rni” mavzusida Xalqaro hamda Respublika ilmiy-ijodiy konferensiyalarni tashkil qilish maqsadga muvofiqdir.
3. Askiya san’ati yo‘nalishida ta’lim olayotgan o‘quvchi-talabalar uchun namunaviy o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va belgilangan tartibda yilma-yil yaratilgan o‘quv qo‘llanma hamda darsliklarni vazirlikning ruxsati bilan nashrga tavsiya etib borish kerak.
4. Hududlarda tashkil etilgan maxorat maktablari va madaniyat markazlaridagi to‘garaklar uchun o‘quv-uslubiy qo‘llanma va adabiyotlar bilan ta’minlash maqsadida “Askiya san’ati tarixi va nazariyasi”, “Qiziqchilik san’ati tarixi va nazariyasi” “Askiya – so‘z san’ati”, “Askiya va qiziqchilik san’atining darg‘alari” kabi o‘quv qo‘llanma va darsliklarni yaratish lozim.
5. Askiya va qiziqchilik san’atining talablariga javob bera oladigan yangi asarlar ustida ishlayotgan so‘z ustalari va to‘garak rahbarlarining “Master klass” mashg‘ulotlarini uyushtirish shular jumlasidandir.
Bugungi kunda milliy askiya san’atining payrov, qofiya, bahri-bayt, afsona, radif, aytishuv, rabbiya kabi noyob shakllarini asrash va ularni targ‘ib etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish lozim. Chunki askiya san’ati yo‘nalishida ijod qilayotgan iste’dodli so‘z ustalarining payrov, qofiya, bahri-bayt, afsona, radif, aytishuv, rabbiya kabi noyob shakllari bo‘yicha video yozuvlari bo‘lsa-da, ularning yozma matnlari deyarli yozib olinmagan. Shuning uchun shu sohada ko‘p yillar faoliyat olib borayotgan so‘z ustalari ijodlarining yozma matnlarini yozib olish uchun quyidagi ishlarni amalga oshirish zarur:
1. Askiyachilar ijrosidagi payrov, qofiya, bahri-bayt, afsona, radif, aytishuv, rabbiya kabi noyob shakllarining so‘z matnini yozib olish uchun shu sohada ilmiy ish olib borayotgan tadqiqotchi-olimlarni har bir askiyachi va so‘z ustalariga biriktirish kerak.
2. So‘z ustalarining payrov, qofiya, bahri-bayt, afsona, radif, aytishuv, rabbiya kabi noyob shakllari bo‘yicha sahnaviy asarlarini yaratib borib, ularning ijod fondlarini tashkil qilish lozim.
3. Milliy askiya san’ati bo‘yicha faoliyat olib borayotgan ustoz san’atkorlarning ijod fonlari asosida maxsus adabiyotlar va o‘quv qo‘llanmalar yaratish, shuningdek, mazkur soha bo‘yicha elga tanilgan so‘z ustalarining har birlari to‘g‘risida maxsus ilmiy va ommabop risolalar tayyorlab borish kerak.
4. Milliy askiya san’atida ishlatiladigan va hozirgi kunda yo‘qolib borayotgan so‘zlarning izohiy lug‘atini tayyorlash zarur.
5. Milliy askiya san’atini saqlab qolish uchun mazkur sohada ilmiy tadqiqot ishlarini, ya’ni, dissertatsiyalar yozishni yo‘lga qo‘yish zarurligi shular jumlasidandir.
Askiya san’atini ilmiy jihatdan o‘rganmasak, so‘zning mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratmasak, qadimdan bugungi kungacha og‘zaki tarzda yetib kelgan mazkur san’at turi so‘zning mohiyatini anglamaydigan bachkana “askiyachi”larining qo‘liga qolib ketadi.
Muallif: Qambarov Abdumutal Axadjonovich,