ZOMIN FOLKLOR AN’ANALARINING O‘ZIGA XOS JIHATLARI
Xalqning folklor an’analari o’z mazmun-mohiyati bilan aholining tarixiy-etnografik qadryatlarini ifodalaydi. Folklor xalqning o’tmishi, buguni va kelajagini o’zida ifodalovchi, uning taqdiri bilan chambarchas bog’liq ijodiy jarayondir. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-405-sonli “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o’rganish va targ’ib qilishni rivojlantirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarorida mamlakatimizda nomoddiy madaniy merosni, xususan, maqom va baxshichilik san’atini muhofaza qilish, ularni ilmiy o’rganish va targ’ib qilish hamda milliy qadriyatlarimizni keng namoyon etish bilan bog’liq faoliyatni yana-da takomillashtirish masalasida ustuvor yo’nalishlar belgilandi. Nomoddiy madaniy merosni doimiy ravishda o’rganishni yo’lga qo’yish maqsadida respublika va xalqaro miqyosda etnofolklor ekspedisiyalari tashkil qilish yo’nalishi bo’yicha hozirgi vaqtda istiqbolli harakatlar olib borilmoqda.
O’zbekistonning etnomadaniy jihatdan tarixiy-geografik hududlardan biri Zomin tumani bo’lib, bu hudud aholisi qadim va o’rta asrlardan o’ziga xos moddiy va ma’naviy madaniyatiga ega. Arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, Zomin hududidagi madaniyatning yoshi ikki ming yildan ziyod bo’lib, Buyuk ipak yo’li Ustrushonadan o’tganligi bois, o’lka muhim qadimiy makon bo’lganligini ifodalaydi[3:6]. Qadim tarixga ega Zomin birgina tuman nomi emas, Ustrushona davlatining katta qismini bir tomoni O‘ratepa, bir yog‘i Jizzax, bir yoni Chinozga qadar cho‘zilgan tog‘u cho‘llardan iborat keng maydon Zomin deb yuritilgan. Shu sababli bugungi hududiy o‘lchamlar, ma’muriy nomlashlar Zomin o‘lkasining asl tarixiy miqyosini bir qadar toraytirganini hisobga olish lozim[5:15]. O‘lkaning tabiati maftunkor, bahorda qir-adirliklar chechaklar bilan yastanib, tog‘li qismini archazoru tabiiy o‘rmonlar bezab turadi. Qadimdan hudud aholisi chorvachilik bilan shug‘ullanib kelishgan, dehqonchilik rivojlangan. O‘lkaning o‘ziga xos tabiiy landshafti aholining og‘zaki ijodiga bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Folklorshunos olim Rahmatilla Sarimsoqov fikriga ko‘ra, Zomin chayir, otining ko‘ziga qarab u bilan tillasha oladigan mashhur chavondozlari, kuragi yer ko‘rmagan polvonlari, necha 100 yil ilgari bo‘lgan nomoddiy madaniy merosi, ya’ni qadimiy urf-odat, an’ana, xalq qo‘shiq, terma, aytishuvlari ijrosi va betakror taomlari bilan ham ajralib turadi.
Zomin aholisining og‘zaki ijodida badiiy jihatdan o‘ziga xos “aytim”, “lapar”, “o‘lan”, “aytishuv”, “olqish”, “yo‘qlov” kabi na’munalar mavjud bo‘lib, ulardan udumlarning mohiyatidan kelib chiqib foydalaniladi. Ularni turli yondashuvlar orqali o‘rganib, har xil aspektlarda tadqiq etib xolis ilmiy to‘xtamlarga kelish mumkin. Taassufki, zominliklar yaratgan og‘zaki ijod na’munalari shu vaqtga qadar folklorshunoslar e’tiboridan chetda qolib kelmoqda[5:160]. Zominliklarning og‘zaki ijodidan na’munalar keltirishda ularning to‘ylaridan ishlatiladigan na’munalarga e’tibor qaratsak. Yaqin o‘tmishda ham zominliklar to‘ylarida aytishuvlar bo‘lgani, ular o‘sha vaziyatning o‘zidan kelib chiqib, qatnashchilarning kimligiga qarab, to‘qilgan:
Qotor-qotor tuyalar
Bo‘tang qono, yor-yor?
Bo‘tako‘zli jon singlim,
Otong qono, yor-yor?
…
Ushbu to‘rtlikda “tuya”, “bo‘ta”(bo‘taloq) atamalari o‘lkaning tuyachilik bilan mashg‘ulotini ifodalasa, “bo‘tako‘z” o‘simligi Zomin tog‘larida o‘sadigan noyob o‘simlik hisoblanadi. Ma’lumot o‘rnida aytsh lozimki, bo‘tako‘z o‘simligi gulidan yig‘ilgan qora-qizg‘ish asal o‘zining dorivorligi bilan ajralib turadi. Jaloyir qishlog‘idan yozib olingan uchbu yor-yor aholi shevasida aytilgan bo‘lib, kelinchak yangi xonadonga kelganda unga “dalda” bo‘lish, uni yangi uyida ham qadrlashadi degan ma’noda aytilgan desak adashmaymiz. Chunki bilamizki, qiz uzatgan ota qizini faqatgina uyidan kuzatadi, orqasidan bormaydi balki bu ishni qizning tog‘alari, amakilari va ayol qarindoshlariga topshiradi. Hozirgi kunda esa bunday urflar zamonaviylashishi bilan birga unga mos holdagi “yor-yor”da aholining o‘ziga xosliklari yo‘qolib borayotganini kuzatishimiz mumkin.
Kelinsalomlarda ham mintaqada yashovchi aholining xususiyatlari inobatga olinib, mashg‘ulotidan kelib chiqadi. Kishilarga nisbatan aholi orasida keng qo‘llaniladigan so‘zlar bilan jo‘shqin ichki kechinmalar hajviy ko‘rinishda qo‘llaydi.
Burchakta turgan kubiday,
Sho‘r quduqting tubiday
Qayinnasiga bir salom.
Suvda jurgan zulukday,
Qosh-ko‘zlari pilikday
Qayinsinglisiga bir salom.
… (Turkman qishlog‘i)
Zomin tumani laparlarida aholining tanti, mard, mehmondo‘st, bag‘ri keng, qo‘li ochiqligi bilan bir qatorda tarbiyaviy masalada to‘g‘ri so‘zni yuziga aytishi ya’ni dangallik (B. To‘ychiboyev va Q. Qashqirli “zominliklar yumshoq gapirishni, sipo muomalani unchalik eplasholmaydi” deb tushuntiradi) sezilib turadi.
Kelin, kelin, kelinoy,
Uzun chiqti tilingoy.
O‘n jil kelin bo‘ppon-g‘u
Bugun chiqti tilimoy.
…
Yuqoridagi laparda yangi kelinga “ta’na-dashnom” qilish bilan birga unga tarbiya berishda “dangallik”, o‘rnak sifatida o‘zini misol keltirayotgan ayolni ko‘rishimiz mumkin.
Zomin folklorshunoslik ilmida “olqish” deb ataluvchi ijod turi aholi orasida “olqov”, “ovmin”, “pataa”, “duo” singari atamalar bilan yuritiladi. Zomin tumanida yashovchi kishilar ham nafaqat o‘zbek xalqi balki boshqa turkiy xalqlar kabi to‘ylarini turli-tuman, kerakli-nokerak to‘y oldi, to‘y vaqti va to‘y orti marosimlari tizimida o‘tkazishadi. Tabiiyki, har bir marosim o‘z tabiatiga mos olqishlarni talab etadi va xalq dahosi tomonidan har bir marosimga eng muofiq keladigan olqish yaratiladi[5:257-259]. Ushbu hududda yashovchi aholi har bir aniq hayotiy hodisaga taaluqli o‘ziga xos olqishlar to‘qishgan.
Ta’kidlash joizki, ming yillar davomida shakllangan urf-odat, marosim, adabiyot, san’at muallaq holda, o‘zga xalqlardan ayro tarzda paydo bo‘lib rivojlanmagan. Zomin vohasida ham xalq og‘zaki ijodi biz bilan qadimdan yonma-yon, madaniyatlari qorishgan birgalikda hayot kechirib kelayotgan qardosh qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik va boshqa xalqlarning bevosita ishtiroki, hamrohligida yaratilib, taraqqiy etgan. Mirzacho‘l vohasiga iqtisodiy va etnomadaniy jihatdan eng yaqin tarixiy-geografik hududlardan bir Zomin tumani bo‘lib, bu hudud aholisi qadim va o‘rta asrlarda bo‘lgani kabi so‘nggi o‘rta asrlarda ham voha aholisi bilan tig‘iz aloqalarda bo‘lib kelgan. Mirzacho‘lning o‘zlashtirilishi va bu yerlarda mamlakatimizning turli viloyatlaridan ko‘chirilgan aholilarga yangi turar-joylar barpo etilganda Zomin tumanidan ko‘plab aholi Sirdaryo viloyatining deyarli barcha tumanlariga kelib joylashgan va o‘z an’analarini birmuncha yaxshi saqlab qolishgan[1:15]. Bu borada B. To‘ychiboyev va Q. Qashqirli tomonidan 2012-yilda nashr qilingan “Zominning til qomusi” nomli monografiyaga murojaat qilish asqotadi.
Biror bir xalqning qanday xalq ekanligini bilish uchun dastavval uning folkloriga nazar solish lozim bo‘ladi[4]. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-406-son qarori 7-bandi va 5-ilovasi ijrosi hamda Madaniyat vazirligining 2024-yil 28-maydagi 286-son buyrug‘iga asosan “Turizm obektlarida ijodiy jamoalarning teatrlashtirilgan tomosha va konsert dasturlarini tashkil etish” vazifasi belgilangan. Bugungi kunda “Zomin sayqali” folklor etnografik xalq ansambli hududning o‘ziga xos folklor namunalarini yetkazish bilan shug‘ullanmoqda. “Zomin sayqali” ansambli – rasman 2001-yilda tashkil topgan bo‘lib, unda 15 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan 17 nafar havaskor san’atkor jamlangan. Oradan 7 yil o‘tib, qilingan sayi-harakatlar zoye ketmadi va jamoa folklor etnografik xalq ansambli nomini oldi. Jamoa oldida turgan eng dolzarb vazifa, ota-bobolarimizni hali o‘zlashtirilmagan ko‘plab an’ana va udumlari, qo‘shiq, lapar va termalarini tiklash, qayta sayqal berib, sahnaga olib chiqish, kelajak avlodga yetkazishdan iborat.
Zomin tumani sayyohlarni o‘ziga jalb etuvchi xushmanzara, go‘zal tabiati, osmono‘par tog‘lari, yuz-ikki yuz yillik archalari-yu, ulardan-da ko‘hna ko‘p ming yillik tarixi hamda mehnasevar, mehmondo‘st insonlari bilan ajralib turadi. Zomin tumanining turizm salohiyatidan kelib chiqqan holda, gastronomik turizm bo‘yicha Zomin tandir kabobini, mashhur qozon patirini, ta’mi og‘izda qoladigan qurutlarining tayyorlanish jarayonlari, qo‘li gul hunarmandlar tayyorlagan hunarmandchilik buyumlarini qayd etamiz. Shu bilan birga Zominning boshqa diqqatga sazovor joylarida, turizm ob’ektlarida Zominning o‘ziga xos milliylik va qadimiy urf-odatlarini san’atkorona namoyish etib bera oladigan “Zomin sayqali” folklor-etnografik xalq ansambli faoliyat yuritmoqda. Ular ijrosidagi qadimiy lapar, qo‘shiq, raqslari va qadimiy udumlar namoyishini, viloyatning etnografik urf-odatlarini aks ettiruvchi badiiy chiqishlarini diqqat bilan tomosha qilish turistlarga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Biroq yuqorida qayd etgan “zamonaviylik” va etnografik izlanishlar kamligi aholining folklor an’analarining yo‘qolib borayotganligiga sabab bo‘lmoqda. Zomin og‘zaki ijodi an’anasini rivojlantirish bilan birga tumandagi o‘ziga xos folklor an’analari ustida ilmiy izlanishlar olib borish, turizm obektlari yaqinidagi hududlarda etnografik qishloqlar tashkil etish, unda o‘lka aholi folklor namunalarini namoyish qilish, tumanga turizm oqimini kuchayishiga, etno va ekoturim rivojlanishiga, milliy udum va qadryatlarimizni saqlab qolishga sabab bo‘ladi.
Muallif: Abirov Valisher Elmurodovich