“PILLA” AYOLLAR YAKKA RAQSI
O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosi o‘zbek xalqining bitmas-tuganmas boyligi bo‘lib, asrlar davomida boyitilib, avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Bu bebaho meros o‘zbek xalqining o‘zligi va g‘ururi hisoblanadi. Haqiqatdan ham, o‘zbek raqs san’ati boy madaniyatimizning ajralmas qismi xalqimizning dunyoni his qilish jarayonida o‘ziga xosligini aks ettiradigan san’at turlaridan biri hisoblanadi. San’atning barcha turlari kabi raqs san’ati ham turmush tarzi, tirikchilik o‘tkazish jarayonlarida paydo bo‘lgan. Undagi harakatlar ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan. Tadqiqotchilaar fikriga ko‘ra, raqs elementlari dastlab hayvonlarga taqlid harakatlaridan boshlangan.
O‘zbek milliy raqsi eng munavvar qadriyatlarni, insoniy fazilatlarni, milliy an’analarni ifoda etgan san’at san’at turidir. Milliy raqslarimizdagi har bir harakatlar, ko‘z qarashlar, faqat millatimizga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Ular xalqimizning hayoti, yashash tarzi, zavq-u shavqi, orzu-umidini ko‘rsatuvchi sahna asari, ohang va ritmiga javoban inson yaratgan aks-sadodir. Xalqimiz madaniyatga boy xalq. Yurtimizning qay go‘shasiga bormang, o‘ziga xos an’ana, betakror qadriyatlarga ro‘baro bo‘lamiz. Shu jumladan, har hududning o‘z milliy raqsi va milliy liboslari ko‘nglimizni shod etadi. Raqs san’atining tarixi esa bevosita uni yaratgan xalqning tarixi bilan bog‘liq. XX asrning 30-yillarida xalq arasidan yetishib chiqqan Muhiddin Qori-Yoqubov boshchiligidagi badiiy truppada faoliyat yuritgan Usta Olim Komilov, Yusufjon qiziq Shakarjonovlar shogirdlari Tamaraxonim, Mukarrama Turg‘unboyevalar bilan birgalikda o‘zbek raqs san’ati maktabini yaratdilar. Usta Olim Komilov ijrosidagi betakror doira usullariga Tamaraxonim va Mukarrama Turg‘unboyevalar raqs harakatlarini o‘ylab topdilar, o‘zlariga va truppadagi tengdoshlariga raqslar sahnalashtira boshladilar. Asta-sekin davr o‘tishi bilan iste’dodlar ko‘payib, raqqosalar safi kengayib bordi. Shuning uchun Usta Olim Komilov, Tamaraxonim, Mukarrama Turg‘unboyevalar o‘zbek raqs san’ati asoschilari hisoblanadilar. Ulardan qolgan “Tanovar”, “Munojot”, “Rohat”, “Pilla” kabi shox asarlar ulkan raqs merosimizdir.
Ustoz Mukarrama Turg‘unboyeva o‘zbek raqs san’atining Farg‘ona raqs maktabini ma’lum bir tizimga keltirdi va ulkan meros qoldirdi. Xalq orasida, sayllarda, to‘ylarda yurib, xalqning oddiy harakatlarida san’at yaratdi. U yaratgan san’atni butun dunyo e’tirof etdi. 1957-yilda Mukarrama Turg‘unboyeva o‘zi sahnalashtirgan “Paxta”, “Pilla” raqslari bilan Moskvada o‘tkazilgan festivalda oltin medalni qo‘laga kiritdi va unga milliy raqs ansamblini tuzishni maslahat berishdi. Shunday qilib, 1957-yilning oktyabr oyida Zulauho Rahmatullayeva, Valentina Romanova, A’lo Rahimjonova, Irina Rasulxo‘jayeva, Dilbar Abdullayeva kabi 12 nafar raqqosadan iborat “Bahor” ansambli o‘z faoliyatini boshlagan.
XX asrning 60-yillariga kelib o‘zbek raqsining dovrug‘i butun olamga yoyildi; “Bahor” raqs ansambli milliy raqsimizni butun olamga tarannum etdi. Shunday betakror raqslardan biri, shubhasiz, Mukarrama Turg‘unboyeva ijrosidagi “Pilla” raqsi hisoblanadi.
“Pilla” – ayollar ijro etadigan milliy raqslardan biri. Raqs syujeti juda oddiy: unda ipak qurtini parvarish qilish, pillani yig‘ib olish va undan ipak tayyorlash jarayoni aks etadi. Raqqosa asar oxirida ipakdan to‘qilgan shoyi (harir) ro‘molni doirachi beliga bog‘lab qo‘yadi. Darvoqe, “Pilla” raqsi faqat doira jo‘rligida ijro qilinadi. Raqs uchun doira usullarini ustoz doirachi Usta Olim Komilov 1934-yilda yaratgan.
“Pilla” raqsida o‘ziga xos xarakter asosan, doira sadosi va raqqosa xatti-harakatlarida namoyon bo‘ladi. Doira sadosi nihoyatda tiniq, jozibali va ta’sirchan, raqqosa harakatlari ham aniq ritmga asoslangan. Uning har bir qadam tashlashi nazokati bilan kishini o‘ziga rom etadi. Aniqrog‘i, usbu raqsda ipak qurti parvarishi, ya’ni mehnat jarayoni shunchaki mexanik tarzda ko‘rsatilmaydi, balki o‘zbek ayolining qalb tug‘yonlari, ichki kechinmalari namoyon bo‘ladi. “Pilla” raqsining ommaviy shakli – raqqosalar jamoasi va musiqa jo‘rligida ijro etilgan varianti ham mavjud. Ammo, nazarimda, yakka doira va yakka raqqosa tomonidan ijro etilga varianti tomoshabin qalbiga ko‘proq manzur bo‘lgan.
“Farg‘ona raqs maktabiga mansub o‘zbek meros raqslari faqat zarbli musiqa asboblari – doira, nog‘ora, qo‘shnog‘ora, qayroq jo‘rligida ijro etilib, musiqiy uyg‘unlikning ko‘plab usullarini tashkil topgan. Bunda raqs ijrosining murakkabligi shundaki, ichrochi aniq va cheksiz o‘zgaruvchan usulga bo‘ysungan holda, barcha tana harakatlarini kompleksi bilan ohangni “ayta olishi”, ya’ni raqsning ruhiy mazmunini tana plastikasi orqali ifodalay olishi kerak”[1], - deb yozadi Lyubov Avdeyeva. Doiraning markaziy qismi yoki halqa qismiga urib chalinganda hosil bo‘ladigan tovushlar raqqosaga usul ohanggini “ayta olishga” yordam beradi. Dinamik va ovoz-tembr effektlarini vujudga keltiruvchi turli balandlikdagi tovushlar kombinatsiyasi bir cholg‘u asbobi jo‘rligini polifonik, ya’ni ko‘p ovozli jo‘rlikka aylantiradi.
“Pilla” raqsining maftunkor va jozibador chiqishida, tabiiyki, uni sahnalashtirgan muallifi Mukarrama Turg‘unboyevaning xizmatlari beqiyos. Raqs mohiyatiga teranroq kirib borilsa, Mukarramaxonimning xalqimiz tarixini chuqur o‘rgangani, o‘zbek xalqiga buyuk ehtiromi yaqqol seziladi. Negaki, mazkur raqsda biror-bir ortiqcha harakat, o‘rinsiz qayrilish yoki burilishlar, soxta jilmayishlar ko‘rinmaydi. Raqqosaning harakatlari erkin va tabiiy, nigohlari o‘ta samimiy, bajarayotgan harakatiga juda mos. Doirachi va raqqosaning o‘zaro “dil izhorlari” ham nihoyatda o‘rinli chiqqan. Ayniqsa, raqqosaning mehnat jarayonini tasvirlashdagi holatlari: qo‘l va oyoq harakatlari, ipak qurtiga ozor bermaslik hamda undan ozgina cho‘chish harakatlari, pillani yig‘ishtirib olish, ipak tayyorlash kabi har bir detal puxta ishlangan. Ipak tolasidan ro‘mol to‘qish, unga naqsh solish tasviri o‘ta hayajonli va ishonarli. Nazarimizda, ayni shu holatlar “Pilla” ni milliy raqsdagi “tilla” ga aylantirgan.
“Pilla” raqsida mehnat jarayoni va intizor ko‘ngillarning bir-biriga talpinishi raqqosaning garmonik harakatlarida mujassamlanib ketgan. Bunday xoreografik talqin har qanday asarda ham uchrayvermaydi. Mukarrama Turg‘unboyevani topqirligi shundaki, “Pilla” da Sharq ayollari, xususan, o‘zbek ayolining turmush tarzi, o‘y-kechinmalari, dard-u iztiroblari, ishq savdosi – barchasi tabiiy. Ayni paytda Sharq ayollariga xos hayo va ibo, nazokat va shijoat ham o‘ta nafislik bilan namoyon bo‘ladi. O‘zbek raqsini boshqa xalqlar raqslaridan farqlovchi bunday jihatlar xorijiy mutaxassislar tomonidan ham e’tirof etilgan.
Haqiqiy san’at asarining o‘ziga xos mazmun-mohiyati, ma’lum jozibasi bo‘ladi, uning ich-ichida o‘ziga xos falsafa yashirin bo‘ladi. Ijodkor ayni shu falsafani, avvalo, o‘zi anglab olishi, so‘ngra boshqalaraga yetkaza olishi lozim. Boshqa san’at turlarida bu narsa so‘z, kuy, qo‘shiq va xokozolar orqali ifodalansa, raqsda esa, asosan, raqqosa harakatlari orqali yetkaziladi. Ijrochining tana harakatlari, ruhiy holati hamda boshqalarga yetkazish usullari bunda muhim rol o‘ynaydi. “Pilla” raqsida har bir harakat, imo-ishora, ko‘z qarashlari – hammasi ma’lum bir kompozisiyani tashkil etadi.
“Pilla” raqsida raqqosa va doirachi liboslari ham asar yaxlitligini ta’minlab, tomoshabinga cheksiz zavq-shavq beradigan omillardan biri sanaladi. Raqqosa egnidagi oq harir ko‘ylak, belni mahkam siqib turadiga qora duhoba nimcha, to‘g‘ri tanlangan oyoq kiyimi, doirachi egnidagi libos, oyog‘idagi zarrin etik ham tomoshabinga estetik zavq beradi. Raqqosaning boshi uzra hilpirayotgan ro‘mol ham uzukka ko‘z ko‘ygandek yarashib turadi. Bularning hammasi kompozision bir butunlik hosil qiladi va kishini g‘ayriixtiyoriy tarzda o‘zga bir olamda “sayr qilish” ga undaydi.
“Pilla” raqsi o‘zbek raqs san’atining noyob durdonasi, u allaqachon o‘zbek raqs san’atining “tashrif qog‘ozi”[2] ga aylaninb ulgurgan. Chunki, unda xalqimizning mehnatga munosabati, nozik did-farosati, orzu-armonlari, milliy tuyg‘u va ehtiroslari, ko‘ngil kechinmalari va dil izhorlari mujassam. Biz bunday bebaho ma’naviy merosni ko‘z qorachig‘iday asrashimiz, undagi badiiy, ritmik usullarni puxta o‘zlashtirishimiz, uni ma’naviy durdona sifatida e’zozlashimiz zarur. Kelgusida ham mazkur raqs ijrosi yosh raqqosalar uchun namuna, maktab bo‘lib qolishi kerak.
Bizning davrimizga kelib, afsonaviy o‘zbek raqqosasi, baletmeysteri Mukarrama Turg‘unboyeva xalq harakatlaridan yaratgan betakror meros butunjahon sahnasini zabt etdi.
Umuman xulosa qilib aytganimizda, madaniyat bu – o‘zligimizdir. O‘zbek milliy raqs san’ati madaniyat va san’atimizning yo‘g‘on, mustahkam ildizlaridan biridir. San’atimizni raqs maktablarisiz tasavvur qilish qiyin. Raqs – insonlar ruhiyatini davolovchi, qalb torlarini chertuvchi, musiqa hamohangligida mukammal obraz yaratuvchi bebaho san’atdir.[3]
Muallif: Abdixamidov Akmaljon Axmadjonovich